Toshkentda 13 aprel kuni Innovatsion g‘oyalar, texnologiyalar va loyihalar IV Respublika yarmarkasi boshlandi.
O‘zbekiston iqtisodiyotining yuqori sur’atlar bilan barqaror rivojlanishi istiqlolning dastlabki kunlaridan Prezidentimiz Islom Karimov tashabbusi bilan amalga oshirib kelinayotgan puxta o‘ylangan keng ko‘lamli islohotlar samarasidir. Barcha tarmoqlarni muvozanatli rivojlantirish, ishlab chiqarishni modernizatsiya qilish, texnik va texnologik yangilash, mahalliylashtirish dasturining amalga oshirilishi, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikning har tomonlama qo‘llab-quvvatlanishi mamlakatimizda ishlab chiqarilayotgan, ichki va tashqi bozorlarda xaridorgir import o‘rnini bosadigan hamda eksportbop mahsulotlar hajmini muntazam oshirish imkonini bermoqda. Ilm-fan va ishlab chiqarish o‘rtasidagi hamkorlikning mustahkamlanishi hayot sinovidan o‘tgan, zikr etilgan ijobiy jarayonni rag‘batlantiruvchi va jadallashtiruvchi mexanizmga aylandi. «O‘zekspomarkaz»da boshlangan Innovatsion g‘oyalar, texnologiyalar va loyihalar IV Respublika yarmarkasi buning amaldagi ifodasidir.
An’anaga aylangan ushbu innovatsiyalar yarmarkasi Prezidentimiz Islom Karimovning 2008 yil 15 iyulda qabul qilingan «Innovatsion loyihalar va texnologiyalarni ishlab chiqarishga tatbiq etishni rag‘batlantirish borasidagi qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarori ijrosini ta’minlash doirasida o‘tkazilmoqda. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Fan va texnologiyalarni rivojlantirishni muvofiqlashtirish qo‘mitasi, Iqtisodiyot vazirligi va Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligi tomonidan tashkil etilgan ushbu tadbirda o‘tgan yillardagi kabi vazirliklar, idoralar, banklar, milliy iqtisodiyotimizning barcha tarmoqlaridagi korxonalar, jumladan, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik tuzilmalari, fermer xo‘jaliklari, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi institutlari, oliy o‘quv yurtlari, ilmiy markazlar, tajriba-konstruktorlik tashkilotlari vakillari ishtirok etmoqda.
Yarmarkaning ochilishida O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi prezidenti Sh.Solihov mamlakatimizda ilmiy, jumladan innovatsion faoliyat davlatimiz rahbarining doimiy qo‘llab-quvvatlashi samarasida izchil rivojlanib borayotganini ta’kidladi. Bu borada davlat grantlari, shuningdek, qo‘shimcha investitsiyalarni jalb qilish tizimi tashkil etilib, undan samarali foydalanilmoqda. Bularning barchasi fundamental ilm-fan va amaliy tadqiqotlarni rivojlantirishga qaratilgan ilmiy jarayonni shakllantirish imkonini bermoqda.
Inqirozga qarshi choralar dasturini hayotga tatbiq etish davomida iqtisodiy islohotlarni izchil amalga oshirish, ularni rivojlantirish va chuqurlashtirish mamlakatimizda samarali natijalarga erishish imkonini berayotir. 2009 yilda mamlakatimiz yalpi ichki mahsulotining o‘sishi 8,1 foizni tashkil etgan bo‘lsa, 2010 yilda bu ko‘rsatkich 8,5 foizga yetdi. Bunday sur’atlar joriy yilda ham saqlanmoqda. Xalqaro moliya institutlarining fikricha, bu bugungi kunda jahon iqtisodiyotidagi eng yuqori ko‘rsatkichlardan bo‘lib, davlatimiz rahbari tomonidan belgilab berilgan hamda butun dunyoda islohotlarning «o‘zbek modeli» sifatida keng e’tirof etilgan taraqqiyot yo‘lining oqilona va to‘g‘ri ekanligining yorqin tasdig‘idir. Shunisi e’tiborliki, mamlakatimiz bu yutuqlarga global moliyaviy-iqtisodiy inqiroz va undan chiqish sharoitida erishmoqda. Holbuki, dunyoning aksariyat davlatlarida bu jarayon qiyinchilik bilan kechmoqda.
O‘zbekistonda ilm-fan va ishlab chiqarish o‘rtasidagi hamkorlik bir necha mushtarak maqsadlarni ko‘zda tutadi. Bozorda raqobat kuchayib borayotgani sababli xo‘jalik yurituvchilar eng ilg‘or texnologiyalarga ehtiyoj sezmoqda. Bunday texnologiyalarning joriy etilishi esa mablag‘, xomashyo va boshqa resurslarni kam sarflagan holda yuqori sifatli va xaridorgir mahsulot ishlab chiqarish imkonini beradi. Texnologik yangiliklarni yaratayotgan olimlar ham yakuniy natija – ularning amalda o‘zlashtirilishidan manfaatdor.
O‘zbekistonning ilmiy salohiyati bunday oqilona yondashuv tufayli tobora yuksalib bormoqda, mamlakatimiz intellektual mahsulotiga bugun ham ichki, ham tashqi bozorda talab katta. Masalan, avvalgi uch yarmarka davomida umumiy qiymati 41 milliard so‘mlik ilmiy va texnik ishlanmalarni joriy etish to‘g‘risida jami 1196 shartnoma imzolangan edi. Ularning soni yil sayin ko‘payib bormoqda: birinchi yarmarkada olimlar va xo‘jalik yurituvchilar 292 shartnoma imzolagan bo‘lsa, o‘tgan yilgi yarmarkada 456 shartnoma tuzildi. Ularning ko‘pchiligi amalga oshirildi va bu milliy iqtisodiyotimiz yetakchi tarmoqlarining o‘nlab yirik korxonalarini modernizatsiya qilish hamda texnologik yangilash, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirishga muhim hissa qo‘shdi.
Bu galgi to‘rtinchi yarmarkada olti yuzga yaqin istiqbolli texnologiya, loyiha va innovatsion g‘oyalar namoyish etilmoqda. Ulardan 471tasi yangi ishlanmalar bo‘lib, 91tasi esa avvalgi yarmarkalarda namoyish etilgan, hozircha joriy qilinmagan, lekin katta ishlab chiqarish salohiyatiga ega ishlanmalardir. Yarmarkada namoyish etilayotgan innovatsion g‘oyalar, texnologiyalar va loyihalarning 195 tasi sanoatni, 110 tasi qishloq xo‘jaligini modernizatsiya qilish, texnik va texnologik yangilash vazifalarini hal etishga yo‘naltirilgan, 87 tasi sog‘liqni saqlash va farmatsevtika tarmog‘i, 51 tasi axborot texnologiyalari, 28 tasi ilm-fan va ta’lim sohasiga oiddir.
«O‘zekspomarkaz» ko‘rgazma pavilyonlarida namoyish etilayotgan yuqori samara berishi kutilayotgan ishlanmalardan biri O‘zbekiston Fanlar akademiyasining Umumiy va noorganik kimyo institutiga tegishlidir. Bu «O‘zbekneftgaz» milliy xolding kompaniyasi, «O‘zbekiston havo yo‘llari» milliy aviakompaniyasi va «O‘zbekiston temir yo‘llari» davlat-aksiyadorlik kompaniyasi rezervuarlarida neft mahsulotlari va gaz kondensatini saqlashda ularning bug‘lanishi natijasida yengil uglevodorodlar isrofining oldini oladigan suzib yuruvchi pontonlardir. 2000 kub metr sig‘imga ega rezervuarda bitta pontonni qo‘llashdan keladigan iqtisodiy samara, hisob-kitoblarga ko‘ra, yiliga 400 million so‘mni tashkil qiladi. Qarshi neft bazasi, Muborak gazni qayta ishlash zavodi va «Sho‘rtanneftgaz» korxonasida o‘tkazilgan tajriba-sanoat sinovi shuni ko‘rsatdi.
O‘zbekiston kimyo-farmatsevtika ilmiy-tadqiqot institutining yog‘ ishlab chiqarish bo‘yicha moslamalarda qo‘llaniladigan oldindan gidrologik tozalash katalizatorini ishlab chiqarishni tashkil etish uchun mo‘ljallangan ishlanmasi ham yarmarka qatnashchilarida katta qiziqish uyg‘otdi. Shunisi diqqatga sazovorki, texnologiya mahalliy xomashyo va sanoat chiqindilaridan foydalanishga asoslangan. Ayni paytda asosan chetdan keltirilayotgan ushbu mahsulotning tatbiq etilishi mamlakatimiz neftni qayta ishlash va kimyo tarmoqlari ehtiyojini to‘liq ta’minlash bilan bir qatorda uni eksport qilish imkonini ham beradi.
Mutaxassislarning fikricha, «Paxtasanoat ilmiy markazi» ochiq aksiyadorlik jamiyati tomonidan taklif etilayotgan paxtaga birlamchi ishlov berish texnika va texnologiyasini takomillashtirish bo‘yicha kompleks dastur katta istiqbolga ega. Mazkur texnik qurilmalar tizimi paxtani aralashmalardan kam chiqindi chiqargan holda to‘la tozalaydi. Bundan tashqari, tola mikroreynerini o‘lchash uchun uning tarkibiga kiradigan akustik pribor import o‘rnini bosadi. Xorijda ishlab chiqarilgan shunday moslama bilan taqqoslanganda u sakkiz baravar ixcham bo‘lib, energiyani qariyb 20 baravar kam sarflaydi.
Ta’kidlash lozimki, joriy yilda oliy o‘quv yurtlari tomonidan yarmarkaga taqdim etilgan yangi ishlanmalar soni ancha ko‘paygan. Ularning aksariyati bevosita talabalar yoki ularning ishtirokida yaratilgan. Masalan, Toshkent kimyo-texnologiya institutida yaratilgan tez tozalanadigan paxta yog‘ini va tarkibida gossipol kam shrot olish texnologiyasi, Mirzo Ulug‘bek nomidagi Milliy universitet olimlari va talabalari jamoasi tomonidan «Olmaliq kon-metallurgiya kombinati» ochiq aksiyadorlik jamiyati va «Kompozit» korxonasi mutaxassislari bilan hamkorlikda yaratilgan mis ishlab chiqarish bo‘yicha chiqindisiz, energiya va resurs tejaydigan, ekologik toza texnologiya, mamlakatimiz oliy o‘quv yurtlari xo‘jalik yurituvchilarga joriy qilish uchun taklif etayotgan katta amaliy ahamiyatga ega boshqa ko‘plab loyihalar shular jumlasidandir.
Prezidentimiz Islom Karimov ta’kidlaganidek, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik bugun iqtisodiyotning zamonaviy tarkibini shakllantirishda muhim rol o‘ynaydi. Bu sektor tez o‘zgarib turgan talabni qondirish, yangi ish o‘rinlarini tashkil etish va aholi daromadining ko‘payishini ta’minlashda muhim o‘rin tutadi. 2010 yilda mamlakatimiz yalpi ichki mahsulotida ushbu sektorning ulushi 52,5 foizni tashkil qildi. Bu ko‘rsatkich davlatimiz tomonidan berilayotgan katta yordam, ko‘plab imtiyoz va preferensiyalar hisobidan muttasil o‘sib bormoqda. Joriy yilning mamlakatimizda Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik yili, deb e’lon qilinishi ham bu boradagi ishlar ko‘lamini yanada kengaytirishga xizmat qilmoqda.
Yarmarkada ushbu sektor xo‘jalik yurituvchilari uchun maxsus bo‘lim tashkil etilgan bo‘lib, uni shakllantirishda akademik va ilmiy-tadqiqot institutlari, oliy o‘quv yurtlari, konstruktorlik muassasalari va ixtirochilar ishtirok etdi. Bu yerda namoyish etilayotgan oziq-ovqat mahsulotlarini qayta ishlash va ishlab chiqarish uchun ixcham uskunalar, turli tarmoqlar uchun mini-texnologiyalar, muqobil manbalardan energiya olish qurilmalari va boshqa ko‘plab yangiliklar yarmarkada qatnashayotgan kichik biznes vakillarida katta qiziqish uyg‘otmoqda.
– Men yarmarkaga o‘simlik yog‘i ishlab chiqaradigan mini-zavodimiz uchun zamonaviy uskunalar xarid qilish maqsadida keldim, – deydi Surxondaryo viloyati Muzrabot tumanidagi xususiy korxona rahbari Rajab Hayitaliyev. – Bu yerda namoyish qilinayotgan texnologiyalar bir-biridan qolishmaydi. Toshkent davlat agrar universitetida yaratilgan qurilma menda, ayniqsa, katta qiziqish uyg‘otdi. U yog‘ olish jarayonini ancha tezlashtiradi, foydalanish uchun qulay va ixcham. Shu sababli ushbu qurilmani sotib olish to‘g‘risida shartnoma tuzdik. Davlatimiz rahbaridan biz, tadbirkorlar, fermerlarga innovatsiyalar yarmarkasida nafaqat mamlakatimizda yaratilgan texnologiyalar bilan tanishish, balki ularni o‘z ishimizni rivojlantirish uchun xarid qilish imkonini yaratib bergani uchun minnatdormiz.
Yarmarkaning birinchi kunida yangi texnologiyalarni sotib olish va joriy qilish to‘g‘risida yuzga yaqin shartnoma imzolandi. Masalan, «O‘zmetkombinat» ochiq aksiyadorlik birlashmasi va Toshkent davlat texnika universiteti o‘rtasida jami qiymati 115 million so‘mlik to‘rtta ishlanmani o‘zlashtirish to‘g‘risida shartnomalar tuzildi.
– Ushbu ishlanmalarning joriy etilishi biz ishlab chiqarayotgan prokat mahsulotlar va xalq iste’mol tovarlari sifatini yanada oshirish imkonini beradi, – deydi «O‘zmetkombinat» ochiq aksiyadorlik birlashmasining innovatsiyalar va investitsiyalar bo‘limi boshlig‘i Hasan Toshmatov. – Bundan tashqari, bu texnologiyalar resurslarni tejash, import o‘rnini bosadigan mahsulotlar ishlab chiqarishni kengaytirish va, eng muhimi, ekologik toza ishlab chiqarishlarni tashkil etishga xizmat qiladi. Har yili o‘tkazib kelinayotgan innovatsion yarmarkalarda ishtirok etish orqali korxonamizda ishlab chiqarish jarayonini optimallashtirishga yordam beradigan yigirmadan ortiq ana shunday texnologiyani joriy qildik. Bundan tashqari, talab va ehtiyojlarimizni inobatga olgan holda o‘z yangiliklarini yaratayotgan ixtirochilar bilan doimiy hamkorlikni yo‘lga qo‘ydik.
Yarmarkada shartnomalar tuzish tartibini yengillashtirish uchun barcha shart-sharoitlar yaratilgan. Bu yerda mamlakatimizning yetakchi banklari, sug‘urta kompaniyalari, Davlat patent idorasi, Iqtisodiyot vazirligining Texnologiyalar transferi agentligi mutaxassislari xizmat ko‘rsatmoqda. Ular shartnomalarni rasmiylashtirish, shuningdek, yangiliklarni o‘zlashtirish uchun imtiyozli kreditlar olish bo‘yicha barcha ishtirokchilarga zarur maslahatlarni bermoqda.
Darhaqiqat, Innovatsion g‘oyalar, texnologiyalar va loyihalar Respublika yarmarkasi oldiga qo‘yilgan barcha maqsadlarga erishilmoqda. Yarmarkaning salmoqli natijalari milliy iqtisodiyotimizning barcha jabhalarini modernizatsiya qilishda, uni mamlakatimiz olimlari va ixtirochilari tomonidan yaratilgan eng ilg‘or texnologiyalarni joriy etish hisobidan jadal rivojlantirishda o‘z ifodasini topayotir. Ilm-fan va ishlab chiqarish o‘rtasidagi integratsiya va kooperatsiya aloqalari kengaymoqda. To‘rtinchi innovatsiya yarmarkasi ham buni yana bir bor tasdiqlaydi. Olimlar va xo‘jalik yurituvchilarning o‘zaro hamkorligi bo‘yicha yaratilgan mazkur samarali mexanizm O‘zbekistonda zamonaviy innovatsion iqtisodiyotni rivojlantirish va pirovard natijada, davlatimiz rahbari tomonidan yaqin vaqt ichida dunyoning rivojlangan mamlakatlari qatoridan munosib o‘rin egallash borasida belgilab berilgan vazifalarni amalga oshirishda muhim omil bo‘lmoqda.